APMO – Osiyo–Tinch okeani matematika olimpiadasi
Asian Pacific Mathematics Olympiad (APMO) – bu matematika bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar uchun xalqaro darajadagi olimpiadalardan biridir. Har yili mart oyida o‘tkaziladigan ushbu olimpiadada Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar ishtirok etadilar.
Olimpiada tartibi:
– Olimpiada 4 soatlik yozma ishdan iborat bo‘lib, 5 ta murakkablik darajasi turlicha bo‘lgan masalalar taqdim etiladi.
– Har bir masala uchun maksimal 7 ball beriladi.
– Har bir mamlakatda olimpiada respublika miqyosida o‘tkaziladi. Istalgancha o‘quvchi qatnashishi mumkin, ammo faqat eng yaxshi 10 nafar ishtirokchining natijalari rasmiy hisobga olinadi.
Ishtirokchilar uchun talablar:
– Ishtirokchi oliy ta’lim muassasasiga (yoki unga tenglashtirilgan kollej/litseyga) qabul qilingan bo‘lmasligi kerak.
– 1-iyul holatiga ko‘ra 20 yoshdan kichik bo‘lishi shart.
Maxfiylik va natijalar:
– Masalalar musobaqa yakunida to‘planadi va rasmiy vebsaytda e’lon qilinmaguncha hech qanday joyda muhokama qilinmasligi kerak.
– Har bir ishtirokchiga qatnashganlik sertifikati beriladi.
2025-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan 37-Osiyo–Tinch okeani matematika olimpiadasi (APMO 2025)da dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan 335 nafar eng iqtidorli yosh matematik ishtirok etdi. Tanlov online shaklda o‘tkazildi.
Ushbu nufuzli mintaqaviy olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi tarixiy natijaga erishdi — mamlakat APMOdagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston jamoasi umumiy hisobda 6 ta medalga sazovor bo‘ldi:
– 1 ta oltin medal
– 2 ta kumush medal
– 3 ta bronza medal
Medal sohiblari:
– Asadbek Boboqulov, “Artel Technical School” NTM o‘quvchisi — oltin medal
– Elbek Zohidjonov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi — kumush medal
– Rasulbek G‘afforov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi — kumush medal
– Ozodbek Axtamov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi — bronza medal
– Behruz Elmurodov, Mirishkor tumanidagi 21-maktab o‘quvchisi — bronza medal
– Ashrafjon Ravshanov, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-IDUM o‘quvchisi — bronza medal
Shuningdek, jamoa a’zolari A. Radjabov, B. Erkinov, S. Urazaliyev va M. Satimov APMO 2025da Honourable Mention (Faxriy unvon) bilan taqdirlandi.
📌 Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston jamoasi 2024-yilda ushbu olimpiadada 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Bu yilgi natija esa jamoamiz tarixidagi eng yirik yutuqlardan biri bo‘ldi.
🔎 Eslatma:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, APMO – respublika fan olimpiadasiga tenglashtirilgan xalqaro olimpiadalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, g‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.
Barcha g‘oliblarni samimiy muborakbod etamiz!
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning APMO olimpiadasidagi ishtirok natijalari izchil o‘sib bormoqda. Quyida 2023–2025-yillar davomida erishilgan yutuqlar bilan tanishing:
Year | Gold | Silver | Bronze | Honourable mention |
---|---|---|---|---|
2025 | 1 | 2 | 3 | 4 |
2024 | 0 | 0 | 7 | 3 |
2023 | 0 | 0 | 2 | 1 |