Dürer Matematika Olimpiadasi
Dürer Matematika Olimpiadasi har yili o'tkaziladigan jamoaviy matematika tanlovi bo‘lib, Vengriyada tashkil etilgan. Ushbu musobaqada ishtirokchilar isbotlash va fikrlash ko‘nikmalarini talab qiladigan murakkab masalalarni jamoa bo‘lib yechishadi.
Musobaqa formati va kategoriyalari
Dürer olimpiadasida har bir jamoa 3 kishidan iborat bo‘ladi. Har bir jamoa 3 soat davomida 5 ta yuqori darajadagi masalalarni yechishi kerak. Tanlov bir necha kategoriyaga bo‘lingan bo‘lib, ulardan ikkitasi xalqaro ishtirokchilar uchun ochiq:
E+ kategoriya – Xalqaro miqyosda murakkab masalalarni yechishga mo‘ljallangan. IMO (Xalqaro Matematika Olimpiadasi), MEMO (Markaziy Yevropa Matematika Olimpiadasi), EGMO (Yevropa Qizlar Matematika Olimpiadasi), RMM (Ruminiya Matematika Masters) kabi nufuzli olimpiadalarda qatnashgan yoki shunga tayyorlanayotgan o‘quvchilar uchun tavsiya etiladi.
E kategoriya – Matematika olimpiadalarida tajribasi kamroq bo'lgan ishtirokchilar uchun mo‘ljallangan.
Olimpiada E kategoriyasi uchun asosiy bosqichdan (1 bosqich) va E+ kategoriyasi 2 boshqichdan iborat.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
* Har bir jamoada 3 nafar o‘quvchi bo‘lishi kerak.
* Jamoa a’zolari turli maktablardan yoki turli mamlakatlardan bo‘lishi mumkin.
* Ishtirok etish mutlaqo BEPUL.
* Jamoa tarkibida kamida bitta qiz va bitta o‘g‘il bola bo‘lishi tavsiya etiladi, biroq bu xalqaro ishtirokchilar uchun majburiy emas.
* Maktabning oxirgi sinfida o‘qiyotgan barcha a’zolardan iborat jamoa tashkil qilmaslik tavsiya etiladi, ammo bu qat'iy talab emas.
Musobaqa sanalari va bosqichlari
2024-2025 yil mavsumi uchun arizalar 2024-yil 15-noyabrda qabul qilindi.
E kategoriyasining asosiy bosqichi va E+ kategoriyasining birinchi bosqichi 2024-yil 22-noyabrda bo‘lib o‘tdi.
Dürer Matematika Olimpiadasining E+ kategoriyasi ikkinchi bosqichida (final) birinchi bosqich natijalariga ko'ra eng yuqori ball to'plagan 17 ta jamoa ishtirok etdi. 2025-yil 7-9 fevral kunlari onlayn formatda o'tkazilgan ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini "Yechvoramiz" jamoasi (Axtamov Ozodbek, Boboqulov Asadbek va Safarova Dilnura) munosib himoya qilib, 7-o‘rinni egalladi. Jamoani ushbu muvaffaqiyati bilan tabriklaymiz va kelgusi yutuqlarda omad tilaymiz! 🎉